O‘zbekiston Davlat xavfsizligi xizmati AQSH fuqarosi Zokir Aliyevning qamoqqa olinishi sabablari to‘g‘risida xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, Zokir Aliyev 16 iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida DXX organlari tomonidan qo‘lga olingan. U dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan, Rossiya Federatsiyasi va AQSHda terroristik tashkilot sifatida tan olingan «O‘zbekiston islom harakati» faoliyatiga aloqadorligi uchun qidiruvda bo‘lgan, 1972 yilda Chiroqchi tumanida tug‘ilgan, 2014 yilda AQSH fuqaroligini olgan.

Qo‘lga olish jarayonida Z.Aliyev noqonuniy faoliyatiga iqror ekani to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Xususan, u 2000 yilda «O‘zbekiston islom harakati"ga sodiq bo‘lishga qasamyod qilgan, Afg‘oniston Islom Respublikasi hududida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan hamda Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumat kuchlari va koalitsiya qo‘shinlariga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.

«O‘zbekiston islom harakati"ning boshqa a’zolari bergan ko‘rsatmalarga asosan, diniy-ekstremistik va terroristik faoliyatni amalga oshirgani uchun 2005 yilda DXX tergov bo‘limlari tomonidan Z. Aliyevga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159, 223 va 244−2-moddalari bo‘yicha 646-sonli jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ayni paytda Z.Aliyevga nisbatan ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.