2018 yilning dastlabki besh oyi davomida iqtisodiy sudlar tomonidan 241,5 mingga yaqin ish hal etildi. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 75 ming 133 taga ko‘p bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga.

Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud ta’sirchanligini oshirish maqsadida ishlarning salmoqli qismi, ya’ni 66 foizdan ortig‘i bevosita joylarda, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 1615 tasi videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, natijada taraflarning 923 mlrd 760 ming so‘m miqdoridagi mablag‘lari tejab qolindi.

Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, ijara va pudrat shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ishlar tashkil etdi.