Mirzo Ulug‘bek nomidagi Mirzo Ulug‘bek markaziy bog‘i (sobiq Telman) rekonstruksiyadan so‘ng 15 iyun kuni ochiladi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga dam olish maskanining rekonstruksiyasi bilan shug‘ullangan Jet Invest kompaniyasi vakili ma’lum qildi.

Rekonstruksiya ishlarini boshlashdan oldin bog‘ning Facebook sahifasi orqali shahar aholisining fikri va takliflari o‘rganildi va inobatga olindi. Jumladan, aksariyati 100 yildan ortiqroq vaqtdan beri turgan daraxtlar saqlab qolindi.

«Bog‘ 1934 yilda ochilgan. Shuni inobatda holda uning tarixini va atmosferasini saqlashga bosh maqsad sifatida qaraldi. Shu bilan bir qatorda yillar davomida yomonlashgan irrigatsion tizimlar, elektrifikatsiya va sug‘orish tizimini kommunikatsiyasini butunlay o‘zgartirdik», — deya ta’kidladi Jet Invest xodimi.

Bog‘ ikkita zonaga ajratiladi: Italiya va Fransiya ishlab chiqaruvchilarining attraksionlari o‘rnatilgan aylanish, dam olish va hordiq chiqarish zonalaridir.

«Biz uchun aylanish, xotirjam o‘tirish va suhbatlashish imkoni mavjud bo‘lgan tinch zonalarni saqlab qolish muhim edi. Shu sababli ham mehmonlar asosiy darvozadan kirishi bilanoq yorug‘ fonarlar va qulay o‘rindiqlar bilan jihozlangan tinch zonaga tushib qoladilar», — deyiladi Jet Invest xabarida.

Bu zonada yoshi ulug‘ insonlar uchun maxsus joy bo‘lib, u yerdagi so‘rilarda shaxmat o‘ynash imkoni mavjud.

Toshkentda attraksionlarni o‘rnatish bilan Yevropa ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan maxsus taklif qilingan mutaxassislar shug‘ullanishdi.

Bog‘da «O‘zbekiston birinchi bor haqiqiy fransuz karuseli o‘rnatildi» deya alohida ta’kidlaydi rekonstruksiya tashkilotchilari. Bunaqasi Parijda — Eyfel minorasi yaqinida o‘rnatilgan. Attraksionni yasashda qo‘l mehnati elementlariga va mualliflik yondashuvlariga alohida e’tibor qaratilgan.

Boqqa kirish tekinligicha qoladi. «Attraksionlarga narx belgilashda demokratroq va arzonroq bo‘lishini ta’minlashga harakat qildik», — deyiladi Jet Invest bayonotida. Attraksionlarda uchish uchun narx 4000 so‘mdan 12000 so‘mgacha qilib belgilandi.

Bog‘da velosiped va roliklarda sayr qilish qat’iyan taqiqlanadi. Kirish joyida velosipedlarni qo‘yish uchun maxsus turargoh ajratilgan.

Bog‘da ikkita kirish yo‘li mavjud bo‘lib, ular asosiy va orqa tomondagi qo‘shimcha kirishlardir. Mehmonlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida 200 ta kamera o‘rnatilgan. Ilgari bog‘da ishlagan 40 kishining ish joyi saqlab qolingan holda yana 60 yangi ish o‘rni yaratildi.

Jet Invest bergan xabarga ko‘ra, rekonstruksiya ishning birinchi bosqichi edi. Ikkinchi bosqichda yopiq ko‘ngilochar maskan qurilishi rejalashtirilmoqda.

Foto