Bugun, 14 iyun kuni futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlanadi. «Gazeta.uz» yozning asosiy sport voqeasining guruhlar tarkibi bilan tanishtiradi.

Chempionatda 32 terma jamoa ishtirok etadi. Mundial «A» guruhidagi Saudiya Arabistoni va Rossiya terma jamoalarining o‘yini bilan ochiladi. Mazkur bahs mezbonlarning kelgusi taqdiriga jiddiy ta’sir o‘tkazishi kutilmoqda. Ushbu guruhning ikkinchi o‘yini Misr va Urugvay terma jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi. Ta’kidlash o‘rinli, bu ikki jamoa boshqalardan ko‘ra kuchliroq deya baholanmoqda.

Ispaniya terma jamoasi 2016 yilgi Yevropa chempioni Portugaliya bilan bir guruhdan joy olgan va ular «V» guruhida kurash olib boradilar. Ushbu bahsning qanday tugashi haqida bir narsa deyish qiyin, ammo ikkala jamoa ham g‘alaba uchun bor kuchini berishi tabiiy. Shuningdek guruhdagi Marokash — Eron o‘yini ham kutilmagan voqealarga boy bo‘lishi mumkin.

«S» guruhidan chiqishga eng asosiy nomzod bo‘lgan Fransiya birinchi uchrashuvni Avstraliyaga qarshi o‘tkazsa, Perudan kelgan futbolchilar kuchli ruhiyati bilan ajralib turadigan Daniyaga qarshi saf tortadilar.

«O‘lim guruhi» deb atash mumkin bo‘lgan «D» kvartetida Argentina Yevro-2016 da o‘ziga xos qahramonlik ko‘rsatgan Islandiyaga qarshi o‘ynaydi. Xorvatiya va Nigeriya esa o‘zaro bahsda pley-offga kim chiqishini hal qiladilar.

Oxirgi jahon chempionatlarida yuqori natija ko‘rsata olmayotgan Braziliya terma jamoasi «Ye» guruhida birinchi o‘yinni Shveysariyaga qarshi o‘tkazsa, Kosta-Rika terma jamoasi Serbiyaga qarshi saf tortadi.

Amaldagi jahon chempioni Germaniya terma jamoasi «F» guruhida takomillashib borayotgan Meksika termasiga qarshi uchrashuvda maydonga saf tortadi. Guruhdan chiqish uchun imkoniyatlari pastroq bo‘lgan Janubiy Koreya terma jamoasi Shvetsiyaga qarshi bahs o‘tkazadi.

«G» guruhida esa Belgiya-Panama va Tunis-Angliya o‘yinlari ishqibozlarni xursand qilishi kutilmoqda. Belgiya va Angliya terma jamoalari yaqqol favorit bo‘lishiga qaramay, Panama va Tunis terma jamoalari o‘zlarining yaxshi tomonlarini ko‘rsatishlari mumkin.

Va nihoyat «N», jahon chempionatining eng fikr bildirish qiyin bo‘lgan guruhi. Sababi bu yerdagi har bir terma jamoa amalda pley-offga chiqish imkoniga ega. Polsha chempionatni Senegalga qarshi o‘yin bilan boshlasa, Kolumbiya Yaponiyaga qarshi bahs yuritadi.

Chempionat tashkilotchilari ishqibozlar uchun dastur yaratgan bo‘lib, u orqali yozning eng muhim sport voqeasi bilan bog‘liq statistikalarni kuzatib borish mumkin.

O‘zbekistonda mundial o‘yinlari UzReportTV va FutbolTV telekanallari orqali namoyish etiladi.

Toshkent vaqti bilan translyatsiyalar jadvali