Avval xabar berganimizdek, bugun Rossiya poytaxti Moskvadagi «Lujniki» stadionida jahon chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbir yakuniga yetgach, maydonga Rossiya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari chiqib keldi.

Ta’kidlash o‘rinli, mazkur o‘yin oldidan ko‘pchilik mezbonlarning imkoniyatlarini yuqori baholagan bo‘lsa-da, o‘z navbatida saudlardan cho‘chib turishgan edi.

O‘yinning dastlabki daqiqalaridanoq hujumga otlangan mezbonlar 12-daqiqaga kelib hisobni ochishdi. Gazinskiy qanotdan uzatilgan to‘pni raqib darvozasiga joylab qo‘ydi. Birinchi bo‘lim oxirida Denis Cherishev individual mahorat evaziga hisobni 2:0 ga yetkazdi.

Ikkinchi bo‘limda mehmonlarning biroz jonlanishi kutilgandi. Biroq rossiyaliklar bunga yo‘l qo‘ymadi. Dzyuba hisobni yirik ko‘rinishga keltirgan bo‘lsa, Cherishev yanada chiroyli gol bilan o‘yinga nuqta qo‘ygandek tuyulgandi. Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Golovin jarima zarbasini ajoyib ko‘rinishda bajarib, hisobni 5:0 ga yetkazdi.

1954 yilgi jahon chempionatining ochilish o‘yinida Braziliya Meksikani 5:0 hisobida mag‘lub etganidan beri, ochilish bahsida bunday yirik hisob takrorlanmay kelayotgandi. Rossiya 64 yillik natijani takrorladi.

Mazkur uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sifatida Denis Cherishev tan oldi. Ta’kidlash o‘rinli, zaxira o‘yinchilari qatorida bo‘lgan Cherishev Dzagoyev jarohat olgani uchun majburiy ravishda maydonga tushirilgandi.

JCH-2018, «A» guruhi.

Rossiya — Saudiya Arabistoni 5:0 (2:0, 3:0)

Gollar: 1:0 — 12 Gazinskiy, 2:0 — 43 Cherishev, 3:0 — 71 Dzyuba, 4:0 — 90 Cherishev, 5:0 — 90 Golovin.

Rossiya — Akinfeyev, Fernandes, Kutepov, Ignashevich, Jirkov, Gazinskiy, Zobnin, Samedov (Kuzyayev, 64), Dzagoyev (Cherishev, 24), Golovin, Smolov (Dzyuba, 70).

Saudiya Arabistoni — Al Mayuf, Al Breyk, Hausaui, Hausaui, Ash Shahraniy, Otayf (Al Muvallad, 64), Ash Shahriy (Baxebri, 74), Al Jassim, Al Faraj, Al Dossariy, As Sahlaui (Asseriy, 85).

Ogohlantirishlar: Golovin (88), Al Jassim (90).

Foto