Yashash minimumi va iste’mol savatchasini hisob-kitob qilish tartiblarini tasdiqlovchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi (loyiha rus tilida). Ushbu atamalarni iste’molga joriy etish «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar yili» davlat dasturida ko‘zda tutilgan edi.

Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar to‘lanayotgan pensiya, nafaqa va oylik maoshlar aholining ayrim qatlamlari va toifalarini qoniqtirmaydigan darajada qolayotganidan darak bermoqda, deyiladi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hujjatda.

Moliya, iqtisodiyot vazirliklari va Markaziy bank 1 iyulga qadar 2021 yilgacha eng kami ish haqi miqdorini tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor — yashash minimumiga nisbatan 100 foizga yetkazish, 2025 yilgacha esa pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorini pensiya tizimini isloh qilish bilan uzviy ravishda yashash minimumiga nisbatan 100 foizga yetkazishi lozim, deyiladi qaror loyihasida.

Mehnatga layoqatli aholi uchun yashash minimumi miqdori mehnatga layoqatli aholi uchun eng kam iste’mol savatchasi hamda majburiy to‘lovlar va yig‘imlar bo‘yicha xarajatlar qiymati sifatida hisoblanadi.

Aholi uchun iste’mol savatchasining eng kam miqdori ijtimoiy-demografik guruhlar (bolalar, mehnatga layoqatli aholi, pensionerlar) bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar jamlanmasi yig‘indisidan kelib chiqib belgilanadi.

Qaror ilovasida oziq-ovqat mahsulotlari va ularning o‘rtacha bir kunlik tibbiy me’yorlari ro‘yxati keltirilgan. Iste’mol savatchasidan 16−59 yoshli erkaklar va 55 yoshgacha bo‘lgan ayollar uchun quyidagi oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olishi lozim (kuniga gramlarda):

  • bug‘doy noni — 100 gr;
  • qora non — 100 gr;
  • kartoshka — 150 gr (erkaklar), 100 gr (ayollar);
  • olma — 100 gr;
  • mol go‘shti — 50 gr;
  • qo‘y go‘shti — 20 gr;
  • parranda go‘shti — 80 gr (erkaklar), 50 gr (ayollar);
  • sut va sut mahsulotlari — 100 gr;
  • tuxum — 1 dona;
  • shakar — 20 gr;
  • yodlangan tuz — 1,5 gr.

16−59 yoshdagi erkaklar ratsionida jami 2400 kaloriya (88,7 gr oqsillar, 100,3 gr yog‘lar, 297,8 gr uglevodlar); 55 yoshgacha ayollar ratsionida esa 2312,4 kaloriya (83,1 gr oqsillar, 96,4 gr yog‘lar, 286,6 gr uglevodlar) bo‘lishi lozim.

So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlarda aholining kam ta’minlangan qatlamlarida iste’mol savatchasining eng miqdori 55 foizga yaqin, nooziq-ovqat tovarlar bo‘yicha — 25 foiz, xizmatlar ulushi — 20 foizni tashkil etishi aniqlandi.

Qaror loyihasida nooziq-ovqat tovarlari iste’mol me’yorlari keltirilmagan.

Jamoatchilik muhokamalari 27 iyun kuni yakuniga yetadi.