11 iyun kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2018−2019 yillarda Chirchiq shahrini kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlandi, deya xabar qildi Norma.uz.

Toshkent viloyatidagi ushbu shaharda 150 ming aholi istiqomat qiladi. 10 ta yangi sanoat ob’ektini tashkil etish va 12 ta mavjud korxonani kengaytirish hisobiga 1358 ta yangi ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. Xizmat ko‘rsatish va servis sohasida esa 29 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning 10 tasi yangi bo‘lsa, 19 tasi kengaytirish hisobiga amalga oshiriladi.

186 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Yettita mahallada ikki konturli gaz qozonxonalari o‘rnatiladi. 12,6 km ichki yo‘l, 136 ta gaz taqsimlash punkti, 8,1 km suv quvuri va 5,7 km kanalizatsiya tarmoqlari quriladi va ta’mirlanadi.

Bundan tashqari, ikkita yangi maktab qurilsa, yana sakkiztasi, jumladan bitta musiqa va san’at maktabi ta’mirlanadi. To‘rtta maktabgacha ta’lim muassasasining kapital ta’mirlanishi kutilmoqda. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti uchun 1200 o‘rinli yotoqxona quriladi. Chirchiq davlat pedagogik instituti o‘quv binosi esa rekonstruksiya qilinadi.

Ikkita shifoxona kuniga 560 nafargacha bemorni qabul qilishga mo‘ljallab rekonstruksiya qilinadi.
Ushbu rejalarni amalga oshirishga 700,7 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan. Ularning 17 foizi maqsadli jamg‘armalar va mahalliy byudjetdan ajratilsa, 54 foizi tadbirkorlik sub’ektlari — loyihalar tashabbuskorlari mablag‘laridir. Qolgan 29 foiz esa banklar kreditlari hisobidan qoplanadi.