O‘zbekiston milliy universiteti va YUNISEF ijtimoiy soha xodimlarini tayyorlash bo‘yicha dasturni ishga tushirdi, deya xabar qildi BMT Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

«O‘zbekistonda ijtimoiy faoliyat ta’limi va amaliyotini takomillashtirish» dasturi O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti hamkorligida amalga oshiriladi.

«Jamiyatimiz javob choralari, psixolog mutaxassislar va ijtimoiy soha xodimlari salohiyatini oshirishni talab qiluvchi yangi tahdidlar bilan to‘qnash kelmoqda, — dedi bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva. — Ijtimoiy himoyani kuchaytirish lozim bo‘lgan asosiy sohalardan biri — ijtimoiy faoliyat sohasida professionallarni rivojlantirish. Bilamizki, ko‘plab mamlakatlarda ijtimoiy soha xodimlari ko‘makka muhtoj oilalar bilan ishlaydi».

Dastur ijtimoiy soha xodimlari malakasini oshirish va aholining zaif qatlamlarini himoya qilish uchun ijtimoiy faoliyat sohasidagi tadqiqotchilar va amaliyotchi mutaxassislar bilimlarini umumlashtiradi.