Qimmatbaho metallar — oltin va kumushdan tayyorlangan, vazni 5 dan 1000 grammgacha bo‘lgan quymalarni 2019 yilning bahoridan boshlab Navoiy kon metallurgiya kombinati bazasining yangi majmuasidan xarid qilish mumkin. Bu haqdagi farmon joriy yilning 7 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolandi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Hindiston va Xitoydan kelgan turistlar sayohat davomida tilla buyumlar xarid qilishni yaxshi ko‘rishadi.

«Shu sababli tilla quymalar sotilishini yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu esa qimmatbaho metallar savdosi rivojiga hissa qo‘shadi va O‘zbekistonni sayyohlar uchun yanada jozibali maskanga aylantiradi», — deyiladi qo‘mitaning Facebook sahifasida.

Bundan tashqari Markaziy bankning qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalari ham sotuvga chiqariladi.

O‘zbekistonda qimmatbaho metallar importi va eksporti qoidalari to‘g‘risida hujjat ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.