O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi qarori bilan poytaxtdagi «Bunyodkor» stadioni Milliy’ga o‘zgartirildi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, stadionda O‘zbekiston olimpiya va milliy terma jamoalari uy uchrashuvlarini o‘tkazadi.Milliy O‘zbekiston Kubogi, xalqaro darajadagi o‘yinlarni qabul qilib, mamlakatning asosiy arenasi bo‘ladi.

«O‘FA ishqibozlarni jalb qilish ustida ishlaydi. Muxlislar stadionga nafaqat o‘yin kunlari kelishlari, balki boshqa kunlari ham arena bo‘ylab ekskursiya uyushtirishlari ham mumkin», — deyiladi xabarda.

Stadion qoshida tashkil etilgan futbol akademiyasi Futbol assotsiatsiyasi tasarrufiga o‘tkaziladi. Yaqin vaqtlarda O‘zbekistonning 14 ta hududida bittadan bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari tashkil etiladi. Ushbu akademiyalar O‘FA qoshidagi Respublika futbol akademiyasi tarkibiga kirib, unga eng yaxshi futbolchilar saralab olinadi.

Bu yil Milliy stadionida Futbol akademiyasining yangi binosi qurilishi boshlanadi. Birinchi g‘isht qo‘yilishiga bag‘ishlangan marosimda FIFA rahbari Janni Infantinoning qatnashishi kutilmoqda.