O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi yig‘ilishda Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyevni qattiq tanqid qildi, deya xabar berdi Daryo internet nashri.

5 iyun kuni Yoshlar ittifoqi rahbari jurnalistlarga Namanganda to‘y kortejini to‘xtatib, kelin-kuyovni taksiga o‘tqazib yuborganini so‘zlab bergan edi. Bu jamoatchilikning qizg‘in noroziligiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Qahramon Quronboyevning so‘zlariga turli usullar, jumladan karikatura va kinoyalar shaklida norozilik bildirdi.

Jamoatchilik uning sahifasida ham salbiy mulohazalarni qoldirdi, ayni paytda uning reytingi 5 baldan 2,5 balni tashkil etmoqda.

«Balandparvoz gaplar, to‘ylarni yo‘lda to‘xtatish menga kerak emas. To‘ylarni yo‘lda to‘xtatgandan ko‘ra, senga o‘xshagan yoshlarning kattalari, dunyoqarashlaringni o‘zgartiringlar. Men to‘y masalasini, u bir yilda bo‘lmaydi, nima uchun cho‘zyapman, muhit paydo bo‘lishi kerak oldin. Prezident aytdi deb to‘yni to‘xtatish, bu Prezidentga xiyonat,» — dedi Shavkat Mirziyoyev.