O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi YUNISEF xalqaro bolalar jamg‘armasi bilan hamkorlikda «Migratsiya oqibatida himoyaga muhtoj bo‘lgan bolalarni himoya qilish» mavzusidagi xalqaro loyihaga qo‘l urdi, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Mazkur loyiha 36 oyga mo‘ljallangan bo‘lib, mamlakatning 4 viloyatini qamrab olishi kutilmoqda. Loyiha davomida migrant oilalarning farzandlarini ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilish, ularning har tomonlama kamol topishiga ko‘maklashish asosiy maqsad etib belgilandi.

11 iyun kuni mazkur masala bo‘yicha eskpertlarning dastlabki uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Xotin-qizlar qo‘mitasi, «YUNISEF» jamg‘armasi, Tashqi ishlar vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, «Oila» ilmiy-amaliy markazi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi vakillaridan iborat ekspert guruhi ish boshladi.

Bugungi kunda 2 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarolari (32 million aholidan) Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya davlatlarida mehnat migrantlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Natijada bolalarni institutsional muassasalarida (internatlarda) uzoq vaqtga tashlab ketish holatlar ko‘payib bormoqda.

Hozirda mehnat migratsiyasining oila va bolalarga ta’sirini o‘rganib chiqqan rasmiy tadqiqotlar mavjud emas. Shuningdek, bolalar himoyasiga va migratsiyaning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan takliflar ham mavjud emas, deyiladi xabarda.