O‘zbekiston hukumati 9 iyun uni «O‘zbekiston Respublikasi hududidagi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiruvchi ob’ektlarni qo‘riqlash to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga Vazirlar Mahkamasidagi manba xabar berdi.

Hujjatda Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiruvchi binolarni qo‘riqlash xizmatini yaxshilash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgani hamda YUNESKO huzuridagi Butunjahon merosi qo‘mitasining taklifini amalga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Uning amalga tatbiq etilishida xalqaro ekspertlarni jalb etish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston hududidagi Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiruvchi joylarni qo‘riqlanilishini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash maqsadida Respublika idoralararo ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruhni Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshqaradi, Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev unga o‘rinbosar bo‘ladi. Guruh tarkibiga bir qator vazirliklar va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, Buxoro, Xiva, Samarqand va Shahrisabz kabi shahar va viloyatlarning hokimlari ham kiritilgan.

O‘zbekiston YUNESKOning madaniyat va tabiat meroslarini qo‘riqlash bo‘yicha konvensiyasini 1995 yil 22 dekabrda ratifikatsiya qilgan. YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga O‘zbekistondan Xivadagi Ichan qal’a, «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi», Buxoro va Shahrisabzning tarixiy markazlari, shuningdek, Chotqol biosferasi (tabiat merosi sifatida) kiritilgan.

O‘zbekiston hukumatining farmonida Konvensiyaning talablariga va uni amalda qo‘llash qoidalariga amal qilmaslik, shuningdek, Shahrisabz shahri markazida qurilish va obodonlashtirish ishlarini olib borishda YUNESKO Butunjahon merosi markazi bilan kelishuvga erishilmagani oqibatida shaharning «bebaho universal va umuminsoniy merosiga jiddiy ravishda salbiy ta’sir o‘tkazilgani» qayd etilgan. YUNESKO huzuridagi Butunjahon merosi qo‘mitasining 40-sessiya qaroriga ko‘ra, Shahrisabzning tarixiy markazi 2016 yilda Butunjahon merosining xavf ostida qolgan ob’ektlari ro‘yxatiga kiritildi.

Hujjatda shuningdek Qashqadaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimligi, Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi arxitektura va shaharsozlik kengashi, O‘zbekiston hududida YUNESKO ishlari va Konvensiya qoidalari bo‘yicha Milliy komissiyasining Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiruvchi ob’ektlar va hududlarni saqlash bo‘yicha talablarga mos ravishda ish olib bormagani qayd etildi.

Ishchi guruhga YUNESKO Konvensiyasini hisobga olgan holda xalqaro miqyosda tan olingan qoidalar va YUNESKO huzuridagi Butunjahon merosi qo‘mitasining takliflaridan kelib chiqqan holda milliy qonunchilikni jiddiy ravishda tahlil qilish, shaharsozlikdagi qoidalarni, shuningdek, O‘zbekistonning tarixiy shaharlarining bosh planini ko‘rib chiqish topshirildi.

Olimlar, xalqaro ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtiroki bilan Butunjahon merosiga kiruvchi hududlar va ob’ektlarning ayni paytdagi holatini tahlil qilish va ularning saqlanib qolishini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi kerak. O‘zbekistonda madaniy merosni saqlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzilishi rejalashtirilgan. YUNESKO Butunjahon merosi markazi va Madaniyat vazirligi bilan kelishgan holda olib borilishi zarur. Mazkur talablarga va YUNESKO Konvensiyasiga amal qilinmagan holatlarda ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

Hukumat Butunjahon merosi ro‘yxatidan o‘rin olgan madaniy va tabiat meroslari hududlarini himoya qilish uchun chegaralar loyihasini ishlab chiqishni va ularni bosh reja dasturiga kiritishni, shuningdek, YUNESKO Butunjahon merosi markazi bilan kelishgan holda mazkur hududlarni 2018 — 2022 yillarda boshqaruv rejasini ishlab chiqishni topshirdi.

Jamshid Norqobilov / O‘zA

YUNESKO huzuridagi Butunjahon merosi qo‘mitasi taklifiga binoan bir yil davomida Shahrisabzning tarixiy markazidagi bebaho universal va umuminsoniy meroslarni tiklash yuzasidan obodonlashtirish ishlari o‘tkazilishi belgilandi.

Avgust oyining oxiriga qadar Shahrisabzning tarixiy markazidagi mahallalar, an’anaviy uylar, «Koba» karvon saroyini tiklash, yoritish uskunalarini kamaytirish, ko‘ngilochar attraksionlarni shaharning boshqa qismiga ko‘chirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilish zarur.

Sentyabrda Shahrisabzning tiklash mumkin bo‘lgan qismlari hamda 2018 — 2022 yillarda tarixiy markazni boshqarish bo‘yicha reja dasturi YUNESKO Butunjahon merosi markazida namoyish etilishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari yanvar oyiga qadar Butunjahon merosi qo‘mitasi bilan kelishuv asosida Shahrisabzning tarixiy markazining yangi bosh plani ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

Xivadagi Ichan qal’ada va Buxoro markazida hamda ularning qo‘riqlanadigan hududlarida olib borilayotgan barcha kapital qurilishlar YUNESKO Butunjahon merosi markazi tasdiqlagunga qadar to‘xtatiladi. Bu hududdagi barcha bino va tuzilmalar, shuningdek uy-joylar inventarizatsiya qilinadi. Olimlar va xorijiy ekspertlar ishtirokida ushbu shaharlarni saqlab qolish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqiladi.

Joriy yilning 1 iyuliga qadar moddiy madaniy meros ob’ektlarining davlat kadastriga kiritilgan ob’ektlarining yangilangan ro‘yxati tasdiqlanishi kerak. Bu borada jamoatchilikni xabardor qilish uchun ma’lumotlar internetda e’lon qilinadi.

Madaniyat va Tashqi ishlar vazirligiga Butunjahon merosi ro‘yxatidagi ob’ektlar va hududlarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro maslahat kengashini tuzish va NNT, xalqaro tashkilotlar, xorijiy elchixonalar vakillari, Butunjahon merosi qo‘mitasi a’zolari va Butunjahon merosini muhofaza qilish sohasidagi tajribali xorijiy ekspertlar o‘rtasida muntazam amaliy muloqot uchun «Do‘stlar klubi» ni tashkil etish topshirig‘i berilgan.