20−26 iyun kunlari Farg‘ona vodiysining to‘rtta shahri — Namangan, Andijon, Farg‘ona va Qo‘qonda Open Air-Oltin Vodiy konsertlari bo‘lib o‘tadi, deya xabar qildi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

Loyiha doirasida tomoshabinlar O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri, taniqli qo‘shiqchilar va dirijyor Alibek Kabduraxmanov rahbarligi ostidagi musiqachilar san’atidan bahramand bo‘ladi.

Konsertlar zamonaviy teatrlar qarshisidagi markaziy maydonlar va tarixiy arxitektura yodgorliklarida bo‘lib o‘tadi. Namanganda — Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatri oldidagi maydonda, Andijonda — «Andijon Registoni» xiyobonida, Farg‘onada — I. Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyi qarshisidagi maydonda va Qo‘qonda — Xudoyor xon saroyi qarshisida bo‘lib o‘tadi. Bu yerda 1500 o‘rindiqli yozgi konsert zali bunyod etiladi. Devorlarga ulkan ekranlar va zarur yoritish uskunalari o‘rnatiladi.

Dasturdan Chaykovskiyning «Qarsildoq» va «Oqqush ko‘li» baletlaridan, Motsartning «Sehrli fleyta», Enmark Salixovning «Umid» operasidan musiqalar, mashhur «Mahallada duv-duv gap», «Maftuningman», «Chinor ostidagi duel» kinofilmlaridan sauntreklar, Botir Zokirov va Muslim Magomedov repertuaridagi qo‘shiqlar, Andijon polkasi va Xorazm lazgisi kabi kuylar o‘rin olgan.

Ismoil Jalilov, Xurshid Inog‘omov, Shirin Mamatova, Oqilbek Piyazov, Damir Raxmonov, Milena Madmusayeva, Alimbay Karimbayev, Abdulla Shirinov va Grand Voice chiqish qiladi.