12 iyun kuni O‘zbekiston Mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov qurollik kuchlar bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Rayimberdi Duyshenbiyev boshchiligidagi Qirg‘iziston harbiy delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga Mudofaa vazirligidan xabar berildi.

Uchrashuv davomida mudofaa yo‘nalishida o‘zbek-qirg‘iz hamkorligining istiqbollari masalasi muhokama qilindi, harbiy yo‘nalishda aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashildi. Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash masalasi ham diqqat markazida bo‘ldi.

Mazkur uchrashuvda ikki davlat Mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2018 yilda hamkorlik qilish bo‘yicha hamkorlik rejasi imzolandi. Ta’kidlash o‘rinli, mazkur hamkorlik rejasi mudofaa yo‘nalishida ikki tomon uchun ham manfaatli hamkorlikni ko‘zda tutadi.

«Umid qilamizki, harbiy sohada mustahkam huquqiy-me’yoriy bazani yaratish ikki tomonlama amaliy tadbirlarni rejalashtirish va o‘tkazish imkonini beradi hamda ularning faqat ikki mamlakatda emas, balki butun mintaqada xavfsizlikni ta’minlash va jangovar tayyorgarligini oshirish hamda xavfsizlikka doir bo‘lgan vazifalarni kuchaytirish imkonini beradi», — dedi O‘zbekiston Mudofaa vaziri.