Joriy yilning besh oyi davomida ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlarga taalluqli 8500 dan oshiq ish ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga.

Hisobot davrida ma’muriy sudlar 184,6 mingdan ziyod shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi 150,3 mingdan ortiq ishni ko‘rib chiqdi.
Qariyb 128 ming kishiga nisbatan jarima, maxsus huquqlardan mahrum etish, ma’muriy qamoq va O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborish ko‘rinishidagi ma’muriy choralar ko‘rildi.

O‘tgan davr ichida ma’muriy sudlar mast holatda transport vositasini boshqarish bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 27 mingga yaqin kishiga nisbatan 27,1 mingdan ortiq ishni ko‘rib chiqdi.

Ularning 2800 nafardan ortig‘iga nisbatan ma’muriy qamoq, 21,5 mingidan oshig‘iga esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish ko‘rinishidagi hukmlar chiqarildi.