500 dan ortiq fransuz korxonalari O‘zbekistonga urbanizmni rivojlantirish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish taklifini bildirmoqda. Bu haqda Parijda o‘zbek jurnalistlariga Fransiya va O‘zbekiston kompaniyalari kengashi rahbari Kristof Fonten ma’lum qildi.

Mazkur kompaniyalarning barchasi Fransuz tadbirkorlari harakati (MEDEF) tarkibiga kiradi. Harakat barcha hajm va barcha sohalardagi 800 mingdan ziyod fransuz korxonalarini o‘z ichiga oladi.

Parijda avtobus va velosipedchilar uchun ajratilgan yo‘lak.

Shaharlarni qurishga rivojlanish va qurilishning barcha texnologik zanjirlari qiymatini hisobga olgan holda bir butun, rejali asosda yondashish juda muhim, — dedi Kristof Fonten. — Shuningdek rejalashtirish, tabiiy omillarni saqlab qolish, aql bilan obod qilish, kommunal xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash sektorini rivojlantirish ham muhim".

Kengash raisi so‘zlariga ko‘ra, shaharlarni rivojlantirishda qabul qilish zarur bo‘lgan yana bir qator omillar ham mavjud. Ular — transport yordamida zamonaviy harakatchanlik (mobillik), internetga ulanish, infratuzilma ob’ektlarining energetik samaradorligi va shaharlar ishlab chiqarayotgan chiqindilarni qayta ishlash.

Parijda himoyalangan orolchali piyodalar o‘tish yo‘li.

Yuqorida sanab o‘tilgan kompetensiyalarga ega 500 fransuz korxonalaridan iborat jamoa, Kristof Fontenning fikricha, eskirgan urbanistik tuzilmalarni yaxshilashga ehtiyoj sezayotgan mamlakatlarga yangi shaharlarni rivojlantirish uchun beqiyos xizmatlarni ko‘rsatishga tayyor.

Kristof Fonten MEDEF International delegatsiyasi 2017 yil may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurganidan so‘ng tadbirkorlar mamlakatga yana safar qilishga qiziqish bildirayotganini ta’kidlab o‘tdi.

«Fransuz tadbirkorlari mendan joriy yil oxirigacha O‘zbekistonga yana bir tashrifni tashkillashtirishni so‘ramoqda», — dedi kengash rahbari.

Parijdagi oraliq hududda mototransport uchun turargoh.

Kristofer Fontenning tan olishicha, avvallari Fransiya uchun tabiiy qazilmalariga boy hamda Yevropa va jahon mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni qurishga siyosiy irodasini namoyish qilgan Qozog‘iston investitsiya kiritish kerak bo‘lgan Markaziy Osiyo davlati bo‘lgan.

«Neft inqirozi, O‘zbekistondagi demografik vaziyatning yaxshilanishi va mamlakatingiz dunyoga ko‘proq ochilgani qaysidir ma’noda ikki davlat o‘rtasidagi farqni yaqinlashtirdi», — dedi Fonten.

Parijda yo‘l chetida nogironlar avtomashinalari uchun ajratilgan joy.

Biznes-kengash raisi Fransiya — O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi hajmi bo‘yicha Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Turkiya va Germaniyadan keyingi yettinchi o‘rinda turishini qayd etib o‘tdi.

«Ushbu olti yetakchi bilan munosib raqobat qilishni xohlar edik», — deya o‘z so‘zini yakunladi Kristof Fonten.