O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 2018 yil yanvar-may oylarida 14,7 mlrd AQSH dollarini, shu jumladan eksport 6,5 mlrd va import 8,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Tashqi savdo aylanmasi saldosi minus 1,7 mlrd dollarni tashkil etdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi Tashqi iqtisodiy faoliyat statistikasi boshqarmasi.

Eksport tarkibida energiya manbalari va neft mahsulotlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 64,3 foizga o‘shishi tabiiy gazning 1,8 martaga oshgani hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar esa 2,6 foizga o‘sdi, shundan plastmassa va plastmassa buyumlarining eksporti 18,5 foizga oshdi. Meva-sabzavot mahsulotlari eksportining o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 73,8 foizga o‘sishi oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmining 60,9 foizga o‘sishiga olib keldi

Import tarkibida asosiy ulush mashina va asbob-uskunalar (umumiy import hajmida 33,7 foiz) va kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (11,5 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Eksport tarkibining umumiy hajmidan 29,8 foizni xizmatlar tashkil qiladi, bunda transport xizmatlari 10,4 foizni va safarlar 17,6 foizni tashkil qiladi.

2018 yil yanvar-may oylarida tashqi savdo aylanmasi saldosi minus 1731,8 mln dollarni tashkil qildi, shundan MDH davlatlari bilan minus 887,6 mln dollarni va boshqa davlatlar bilan minus 844,2 mln dollarni tashkil etdi.

MDH davlatlari orasida Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ukraina, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari tashqi savdo aylanmasida asosiy hamkorlar hisoblanib, ularning jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 27,5 foizni tashkil qildi, boshqa davlatlar orasida Xitoy, Turkiya, Afg‘oniston, Germaniya, Latviya, Eron, Fransiya davlatlari hisoblanib, ularning ulushi 32,1 foizni tashkil qilmoqda.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksport xajmi 305,4 mln dollarni tashkil qildi yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 73,8 foizga oshdi. Meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmida 40,6 foizni meva va rezavorlar (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 martaga o‘sdi), 49,0 foizni sabzavotlar (58,9 foizga), 7,5 foizni uzum (0,4 foizga kamaydi) tashkil qiladi. Meva-sabzavot mahsulotlari eksportida asosiy hamkor davlatlar Qozog‘iston (umumiy hajmdan 47,4 foiz), Rossiya (13,4 foiz), Afg‘oniston (7,7 foiz), Qirg‘iziston (7,3 foiz), Xitoy (4,7 foiz), Vetnam (4,4 foiz), Turkiya (3 foiz), Pokiston (2 foiz) va Eron (1,3 foiz) hisoblanadi.

2018 yil yanvar-may oylari yakuni bo‘yicha to‘qimachilik mahsulotlari eksporti umumiy eksport hajmida 8,3 foizni tashkil qildi. To‘qimachilik mahsulotlari eksport xajmi 536,5 mln dollarni tashkil qildi yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,3 foizga oshdi.