O‘zbekiston chegara qo‘shinlari tomonidan may oyida 48 nafar chegara buzuvchisi ushlandi, noqonuniy olib o‘tilayotgan 372 mln so‘mlik tovarlar olib qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari vakili «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Qozog‘iston bilan chegarada 25, Qirg‘iziston bilan — 16, Tojikiston bilan — 4 va Afg‘oniston bilan — uch nafar chegara buzuvchisi qo‘lga olindi. Aprel va may oylarida Turkmaniston bilan chegarada qonun buzilishi holatlari qayd etilmadi.

May oyida barcha qo‘lga olinganlar Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan chegaradan tovar olib o‘tayotgan bo‘lgan. Ular asosan dori vositalari, tamaki mahsulotlari, elektr lampalar hamda yirik shoxli qoramollardir.

Jumladan, 3 may kuni Farg‘ona viloyatidagi Gulpion aholi punktida 197 mln so‘mlik dori vositalarini olib o‘tishga urinish qayd etildi.

9 may kuni esa Toshkent viloyatidagi chegaradosh O‘ratepa aholi punktida chegarachilar 50 mln so‘mdan oshiqroq qiymatdagi tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘ydi.

24 may kuni Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Mamay chegaradosh aholi punktida Qirg‘izistondan olti bosh yirik shoxli qoramolni haydab o‘tishga yo‘l qo‘yilmadi.

Chegara buzuvchilariga nisbatan O‘zbekiston qonunchiligi doirasida choralar ko‘rilib, qo‘lga olingan tovar-moddiy boyliklar davlat foydasiga musodara qilindi.