O‘zbekistonda 1 iyuldan savdo ob’ektlariga alkogol mahsulotlarini ta’lim, sport va diniy muassasalardan 100 metrgacha masofada sotishga ruxsat berish taklif qilinmoqda. Bu haqda «O‘zsharobsanoat» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilib, jamoat muhokamasi uchun e’lon qilingan «Vinochilik sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasida so‘z boradi.

2012 yil aprelda kuchga kirgan «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqalishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida"gi qonunda ta’lim, sport va diniy muassasalardan 500 metrgacha masofada alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish taqiqlangan edi. Qonunda alkogol mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi savdo ob’ektlariga ko‘chish uchun yarim yil muddat berilgan edi.

Qaror loyihasida 1 iyuldan umumiy savdo maydoni 100 kv. m. dan ortiq bo‘lgan yirik savdo nuqtalari hamda yarmarka savdo pavilonlarida alkogol mahsulotlarining chakana savdosiga ruxsat berish ham taklif qilingan.

1 avgustdan alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga firma do‘konlari va ushbu mahsulotlarni ulgurji va chakana sotish bilan shug‘ullanuvchi boshqa yuridik shaxslar savdo nuqtalari orqali o‘z mahsulotlarini mustaqil sotishga ruxsat berilishi mumkin.