O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov 2019 yil 1 yanvardan 2021 il 31 dekabrgacha muddatda Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibligiga tasdiqlandi. Bunday qaror yakshanba kuni Xitoyning Sindao shahrida SHHT sammitida qabul qilindi.

Vladimir Norov turli yillarda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir, O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi va boshqa lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.

2016 yil 1 yanvardan 2018 yil oxirigacha Rashid Alimov (Tojikiston) SHHT bosh kotibi lavozimida faoliyat ko‘rsatadi.

Tojikiston vakili Jumaxon G‘iyosov SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori etib tayinlandi.

Sammit yakunlari bo‘yicha Sindao deklaratsiyasi va boshqa qator hujjatlar imzolandi. Jumladan, O‘zbekiston prezidentining taklifiga muvofiq SHHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati qabul qilindi.

SHHT raisligi Xitoydan Qirg‘izistonga o‘tdi.