Toshkentda shanba kuni Muqimiy va Arnasoy ko‘chalari chorrahasini qayta tiklash bo‘yicha ishlar boshlandi. Chorshanba kuni ochilgan «Sport buyumlari» do‘koni qarshisidagi chorraha kabi bu chorraha ham 2016 yilda yopilgan edi.Muqimiy-Arnasoy chorrahasi. Foto: «Gazeta.uz».

Ikki yil avval rekonstruksiya vaqtida loyihachilar ko‘chani kengaytirib, svetoforlardan voz kechish orqali (chorrahalar qayrilishlar bilan almashtirildi) avtotransport harakatini yengillashtirishni maqsad qilib qo‘ydi. Tajriba muvaffaqiyatsiz chiqdi.

Shota Rustaveli ko‘chasidagi qayrilishning ko‘chirilishi. Foto: Toshkent IIBB.

Shota Rustaveli ko‘chasidagi (sobiq To‘qimachilik aylanmasi) uchastka ham harakat o‘zgartirilgan ikkinchi uchastka bo‘ldi. Mazkur uchastkada xavf yuqori bo‘lgani sababli qayrilishni svetofor yaqiniga («Fregat» kafesi) ko‘chirishga qaror qilindi. Eski qayrilish o‘rni yopiladi.

Qayrilish tashkil etish rejalashtirilayotgan Furqat ko‘chasi. Foto: «Gazeta.uz».

Toshkent hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, Furqat ko‘chasining Alisher Navoiy shoh ko‘chasiga tutash qismiga ham qayrilish tashkil etish rejalashtirilmoqda (xarita).

Poytaxt ma’muriyatidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, Toshkent ko‘chalarida harakatni qayta tashkil etish ishlari davom ettiriladi. Bizning fikrimizcha, o‘zgarishlar kutilgan natijalarni berishi uchun hokimiyat va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati kelishgan holda harakat qilishi lozim. Ba’zida bunday kelishuvlar yetarlicha olib borilmayotgandek taassurot uyg‘otadi.

Sobiq Oqtepa maydoni. «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasi.

«Gazeta.uz» sobiq Oqtepa maydonida ham qandaydir o‘zgarishlar bo‘ladimi, degan savolga javob ololmadi. Bu yerdagi chorrahani (xarita) toshkentliklar shahardagi eng noqulay chorraha deb aytishga haqli.