O‘zbekiston grezidenti Shavkat Mirziyoyev Sindaoda Afg‘oniston grezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi qardosh va qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik barqaror bo‘lishidan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

«Joriy yil Toshkentda o‘tgan konferensiyadan keyin butun dunyoda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha katta harakatlar boshlangani mamnuniyat bag‘ishlaydi. Barcha tushunyaptiki, buning yakkayu yagona yo‘li muloqot. Ushbu uchrashuvimiz shu borada fikr almashish, mamlakatlarimiz uchun muhim masalalarni muhokama qilish uchun ayni muddaodir», — dedi davlat rahbari.

Ashraf G‘ani ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot keyingi paytlarda jadal faollashganini qayd etdi.

«O‘zbekistonga tashrifim doirasida erishilgan kelishuvlar tez sur’atlarda amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Afg‘oniston masalasi bo‘yicha yirik anjuman o‘tkazganingiz uchun xalqimiz va hukumatimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Bu masalaga shaxsan e’tiboringiz siyosiy yechimlarga yo‘l ochdi», — dedi Afg‘oniston Prezidenti.

Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.