Bu yil O‘zbekistonda birinchi marta 30 iyun — Yoshlar kuni nishonlanadi. 2017 yil 30 iyun kuni «Kamolot» Yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu sanani mamlakatda Yoshlar kuni sifatida nishonlash tashabbusini ilgari surgan edi. 26 avgustda esa «O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonun matbuotda e’lon qilindi va kuchga kirdi.

Mana, oradan qariyb bir yil o‘tdi. Mazkur sana tobora yaqinlashmoqda. Endi O‘zbekistonda Yoshlar kuni qanday nishonlanadi, qanday nishonlanishi kerak, kabi savollar tug‘ilishi tabiiy. Katta ehtimol bilan mazkur bayramning asosiy tashkilotchisi — Yoshlar ittifoqi hamkor vazirlik va tashkilotlar bilan bu kuni ko‘plab tadbirlar, konsertlar, sport musobaqalari, tanlovlar, uchrashuvlarni o‘tkazadi. Shu bilan birga, kunning asosiy tadbirlaridan biri — O‘zbekiston prezidenti ishtirokidagi Yoshlar ittifoqi qurultoyi o‘tkazilib, yil sarhisobi qilinadi, kelgusidagi reja va dasturlar qabul qilinadi.

Mazkur sana munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar to‘g‘risida aniq ma’lumotlarga ega emasman. Shunday bo‘lsa ham, ba’zi taklif va mulohazalarimni bildirsam, o‘ylaymanki, Yoshlar kuni yanada qiziqarli, yanada yodda qolarli darajada o‘tadi.

Avvalo Yoshlar kuni mamlakatdagi barcha yoshlar uchun chinakam bayramga aylanishi lozim. Faqat talabalar, o‘quvchilar, Yoshlar ittifoqi faollari, «tanlanganlar» va «xoslar», poytaxt va katta shahar yoshlari bayramni nishonlab, qolganlar uni televizordan tomosha qilishi adolatdan emas. Bu kun mamlakatdagi har bir yoshning chinakam bayrami bo‘lishi, hatto chet ellardagi o‘zbek yoshlari ham ushbu sanani o‘ziga xos bayram sifatida nishonlashlariga erishish kerak. Bayram kayfiyati kasalxonalar, harbiy qismlar, zavod-fabrikalar, davlat tashkilotlari, hatto jazoni ijro etish muassasalariga qadar kirib borishi kerak.

Albatta, bu juda katta, hattoki bajarish imkonsizdek tuyulgan talab bo‘lishi mumkin. Ammo Yoshlar kunini nishonlashni istagan har bir yoshga imkoniyat, tanlash huquqi berilishi kerak. Hech bo‘lmasa onlayn tanlovlar, aksiyalar, fleshmoblar, televizion shoular, radio orqali tabrik va muloqotlar uyushtirish yo‘li bilan ularni bayram tadbirlariga jalb qilish, faol yoshlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish mumkin.

Yoshlar kuni munosabati bilan shahar va qishloqlarda xayriya tadbirlarini o‘tkazish mumkin. Masalan, tuman markazlarida maktab va kollej o‘quvchilari tomonidan xayriya yarmarkalari va festivallarini tashkil qilib, barcha tushgan mablag‘lar bolalar uylari, kasalxonalar, moddiy ahvoli og‘ir oila farzandlari uchun yo‘naltirilishi mumkin. Bunda avvalroqdan tadbir mazmun va mohiyatini targ‘ib qilish, reklama va e’lon berish, bir so‘z bilan aytganda, xayriya yarmarkasi piarini to‘g‘ri tashkil etish kerak. Va albatta, xayriya tadbiri davomida konsert dasturlari, shoular, diskotekalar uyushtirilsa, notiq, oratorlarning yaxshilikka undovchi nutqlari yangrab tursa, maqsadga muvofiq.

Yoshlar kuni munosabati bilan nogironligi bo‘lgan yoshlarga sovg‘alar, zarur jihozlar sovg‘a qilinsa, mahalladoshlar, sinfdosh yoki kursdoshlar bemor, kasalxonadagi tengdoshlarini yo‘qlasa, maqsadga muvofiq. Imkon qadar nogironligi bo‘lganlar ham asosiy tadbirlarga taklif qilinishi, sog‘lom tengdoshlari qatori ularda ishtirok etishi, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishi kerak. Zero nogironligi bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topishi, jamiyat hayotiga aralashuvini uchun harakatlarni kuchaytirish vaqti keldi. Bayram tadbirlari, aksiya va festivallar esa bu jarayonga kirishishda muhim rol o‘ynaydi, nazarimda.

Yoshlar kuni — faqat o‘yin-kulgu, shodu xurramlik emas. Bu kun uchun muayyan mavzu tanlanishi, hukumat a’zolari, rasmiylar, xalqaro tashkilotlar vakillari, mutaxassislar va albatta yoshlar vakillari ishtirokida yoshlarga oid muammolar yuzasidan fikr-almashish, yechim va takliflar ishlab chiqilishi zarur. Masalan, yoshlarning huquqiy savodxonligi, bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish va ularni qanday qilib topish bo‘yicha yoshlar xabardorligini oshirish, yoshlarni chekish va ichkilikbozlikdan himoya qilish, yoshlar ishbilarmonligi kabi dolzarb masalalar yuqori darajada muhokama qilinishi lozim. Bu muhokamalar keyinchalik huquqiy hujjat, dastur, loyiha yoki yo‘l xaritasi ko‘rinishida hayotga tatbiq etilishi mumkin.

Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlarning huquqiy savodxonligi, axborot madaniyatini yuksaltirish, huquqlari, imkoniyatlaridan xabardorligini oshirish bo‘yicha targ‘ibot-tarqatma materiallar tayyorlanishi va shahar-qishloqlarda tarqatilishi mumkin. Deylik, ularda kollej bitiruvchisining huquq va imtiyozlari, qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda kimga va qanday tartibda murojaat qilishi mumkinligi, tadbirkorlikni boshlash uchun kredit olishdagi imtiyozlar va boshqa zarur axborotlar, yoshlar uchun foydali axborot manbalari haqidagi ma’lumotlar kiritilishi mumkin.

Bayram munosabati bilan yoshlar tashabbuslari, g‘oya va takliflarini qabul qilish, ularga javob berish va reaksiya bildirishning jonli hamda samarali shakllarini ishlab chiqish mumkin. Har kim vaziyatni o‘zgartirish huquqiga ega. Masalan, joylarda o‘z tashabbusingni prezident, Yoshlar ittifoqi rahbari, vazir yoki biror taniqli ishbilarmonga yetkaz, degan shior ostida rahbarlarning virtual qabulxonasiga murojaat yo‘llash uchun sharoitlar yaratilsa, ularga maslahat va yo‘l-yo‘riqlar berilsa. Chunki hamma yoshlar ham avvalo bunday imkoniyatlar mavjudligini, so‘ngra ulardan foydalanishni bilaverishmaydi, ayrimlari esa istihola qiladi yoki jur’ati yetmaydi. Uning qalbida hech bo‘lmasa o‘z mahallasi, o‘z oilasi farovonligi uchun xizmat qiluvchi g‘oya, taklif yoki tashabbus bo‘lishi mumkin.

Bayram haqiqiy bayramdek bo‘lishi uchun barcha tadbirlar yakuniga yetganidan so‘ng tungi vaqtda albatta mushakbozlik qilinishi kerak. Hech bo‘lmasa poytaxt va barcha hududlar markazida mushak otilishi kutilgandan ham ko‘proq yoshlar e’tiborini jalb qilishi mumkin.