8 iyun kuni O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlashga ko‘maklashish borasida Adliya vazirligi hamda AQSHning USAID xalqaro rivojlantirish agentligi o‘rtasida hamkorlik Memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjatga USAID vakili Xaver Pedra va adliya vaziri Ruslanbek Davletov imzo chekdi.

Adliya vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, memorandum maqsadi 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining «Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish» yo‘nalishini amalga oshirishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Memorandumga ko‘ra, 3 yil davomida 12 mln AQSH dollarigacha bo‘lgan mablag‘lar yangi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik kadrlar kasbiy mahoratini oshirish, shuningdek O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarining rivojlanishiga qulay huquqiy zamin yaratishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish mo‘ljallangan.

Bugungi kunda Adliya vazirligi tomonidan shu kabi xalqaro tashkilotlarning grant mablag‘larini jalb etgan holda adliya organlari va muassasalari faoliyatini takomillashtirishga yo‘naltirilgan bir qator loyihalarni amalga oshirishda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Yevropa Ittifoqi, BMTning rivojlantirish dasturi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati loyihasi (GIS), Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ), O‘zbekistonda huquq sohasida islohotlar bo‘yicha Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Turkiya hamkorlik va rivojlantirish agentligi, shuningdek Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi kabi bir qator xalqaro tashkilotlar bilan kelishuvlarga erishildi.

Kelishuvlar doirasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, yuridik kadrlarni o‘qitish va malakasini oshirish, huquqiy xizmat ko‘rsatishni, xususan, advokaturani rivojlantirish, notariat va FHDYO organlari tizimini isloh qilish, shuningdek norma ijodkorligi jarayoniga xorijiy ekspertlarni jalb etishga yo‘naltirilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.