Stokgolm sudi o‘tgan yilning aprelida Shvetsiya poytaxtida terakt sodir etish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha O‘zbekiston fuqarosi Rahmat Oqilovni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

2017 yil aprelida yuk mashinasi Stokgolmning markaziy ko‘chalaridan birida piyodalar ustiga bostirib borgan edi. 500 metrcha yurib, savdo markazi binosiga borib urilgan. Besh kishi vafot etdi, 15 kishi jarohatlandi. Hokimiyat hodisani terakt deb baholadi. 40 yoshli Oqilov ish bo‘yicha asosiy gumondor bo‘ldi va jinoyat kuni qo‘lga olinib, haligacha hibsda saqlanmoqda. U qo‘lga olingandanoq aybini tan olib, tergovda hamkorlik qildi.

Sud Oqilovni besh kishining o‘limida va 119 kishining joniga qasd qilishda aybdor deb topdi. Sud, shuningdek hukm muddati tugaganidan so‘ng Oqilovni Shvetsiyadan chiqarib yuborish va mamlakatga qaytishini taqiqlash haqida ham hukm chiqardi. Shvetsiyada umrbod qamoq jazosi muddati eng kamida 18 yilni tashkil etadi. Muddat tugagandan so‘ng sudlanuvchi suddan hukmni o‘zgartirish va qamoq muddatini cheklashni so‘rashi mumkin. Qamoq muddati sodir etilgan jinoyat turiga bog‘liq.

Sud eshituvi 13 fevraldan 2 maygacha bo‘lib o‘tdi. Ayblanuvchining advokati Yoxan Erikson avvalroq uning himoyasi ostidagi shaxs sud qaroridan shikoyat qilmasligi ehtimoli yuqori ekanini ma’lum qilgan edi.