O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida qator davlatlar rahbarlari bilan uchrashadi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov Sindaoda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sindaoga 8 iyun kuni kechga yaqin yetib keladi. Davlat rahbari 9 iyun kuni XXR raisi Si Szinpin, Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitining asosiy tadbirlari 10 iyun kuniga belgilangan. Bu yilgi sammitning o‘ziga xos tomoni shundaki, u ilk bor «sakkizlik» formatida bo‘lib o‘tadi.

Avval xabar berganimizdek, SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari tashkilot faoliyatini takomillashtirish, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish va boshqa masalalarni muhokama qiladi.

Sindaoda tashkilotga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari avval tor doirada, keyin kuzatuvchi maqomidagi davlatlar yetakchilari bilan birgalikda keng doirada muzokaralar o‘tkazadi. Ushbu uchrashuvlarda siyosat, xavfsizlik, savdo, iqtisodiyot, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Muzokaralar yakunida qator ko‘p tomonlama hujjatlar imzolanadi.
Jumladan, Sindao deklaratsiyasi qabul qilinishi, Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2019−2021 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2018−2022 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasi, Yoshlarga murojaat va boshqa hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

2018−2019 yillarda tashkilotga raislik qiladigan davlat to‘g‘risida qaror qabul qilish, keyingi uch yillik davrga SHHT bosh kotibi va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimlariga nomzodlarni tasdiqlash ko‘zda tutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kuni Pokiston prezidenti Mamnun Husayn hamda BMT rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazishi ham rejalashtirilgan.