Yil boshidan buyon Moliya vazirligi tizimida 93 nafar rahbar, jumladan 54 nafar moliya organlari mudirlari, 28 nafar g‘aznachilik bo‘limlari boshliqlari va joylardagi Davlat moliya nazorati bosh boshqarmalariga 11 nafar boshliq tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Aprel-may oylarida olti nafar rahbar viloyat darajasidagi lavozimlarga tayinlandi: Farg‘ona viloyati va Toshkent bosh moliya boshqarmasi boshliqlari, Toshkent Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i, Andijon, Samarqand, Buxoro viloyatlari g‘aznachilik boshqarmasi boshliqlari va Xorazm viloyati Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi boshlig‘i.

Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida 22 nafar tuman va shahar moliya bo‘limlari mudirlari, Toshkent, Jizzax, Andijon, Sirdaryo, Surxondaryo, Namangan, Samarqand viloyatlari, Toshkent va Qoraqalpog‘istonda 24 nafar tuman va shahar g‘aznachilik bo‘limlari boshliqlari tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil dekabrdagi tanqididan so‘ng Moliya vazirligi tizimida kadrlarni ommaviy ishdan bo‘shatish boshlangan edi. Tizimda jami 562 kishi vazifasidan ozod qilindi. Yanvarda esa Moliya vazirligi ishga joylashish haqida 800 dan oshiq arizalar kelib tushganini ma’lum qildi.