O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim darsliklari va o‘quv-metodik majmualarini yaratishda muammolar va kamchiliklar mavjudligini tan oldi. Bu haqda 6 iyun kuni Xalqaro press-klubning yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha press-relizida so‘z boradi.

Darslik va o‘quv-metodik majmualarda amaliy va nazorat vazifalarga yetarlicha e’tibor qaratilmagan, nazariyot amaliyotdan uzoq. Bu tabiiy va aniq fanlar bo‘yicha bilimlarni yetarlicha o‘zlashtirilmasligi, egallangan saboqlarni kundalik hayotda to‘laqonli qo‘llanilmasligiga olib kelgan, deya qayd etdi mutaxassislar.

Darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni yaratishga shrift, kegl, so‘zlar uzunligi va soni, zichlik, qog‘oz rangi kabi texnik talablarni xalqaro tajribani hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

«Darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlashda nashriyotlar va bosmaxonalarda malakali mutaxassislar, jumladan muharrirlar, tarjimonlar, musahhihlar va rassomlarning yetishmasligi ularning imloviy xatolar bilan chop etilishiga olib kelmoqda, illyustratsiya va suratlar zamonaviy talablarga mos kelmagan ko‘rinishda nashr qilinmoqda», — deyiladi xabarda.

Hozirda darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlashning yangi tartiblari ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, darsliklar yil davomida nashriyotlar tomonidan ishlab chiqiladi, ularning ekspertizasi esa amaliyotchi o‘qituvchilar tomonidan o‘tkaziladi. Ularning xulosa va takliflari asosida takomillashtirilgan darsliklar oylik aprobatsiyadan o‘tadi. Sinov ishlari yakunlari bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilgan darsliklarning chop etilishiga ruxsat beriladi.

Yangi o‘quv yili uchun 28 million nusxadagi darsliklar chop etiladi.