2018/2019 o‘quv yilidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun OTMlarga davlat granti asosida ikki foizlik (abituriyentlar jami sonidan) qo‘shimcha qabul kvotasi joriy etiladi. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2 iyunda Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqladi.

Oliy ta’lim muassasalariga umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini (akademik litsey, kasb-hunar kolleji) tugatganlik haqidagi hujjat hamda I va II guruh nogironligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomaga ega nogironligi bo‘lgan shaxslar qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabul qilinadi.

OTMlarga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga muvofiq amalga oshiriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar asosida qabul qilinmagan abituriyentlar to‘plagan ballari bilan mazkur ta’lim yo‘nalishida umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi.

Qabul jarayonida oliy ta’lim muassasasi va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmasi vakillaridan iborat tarkibda oliy ta’lim muassasasida nogironligi bo‘lgan shaxslardan hujjatlar qabul qilish komissiyasi tashkil etiladi. Mazkur komissiya tarkibiga O‘zbekiston nogironlar jamiyati vakili ham kiritilishi mumkin.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha belgilangan tartiblarga muvofiq topshiriladi.

Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan nogironligi bo‘lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

OTMlar qabul komissiyalari imtihonlar o‘tkaziladigan bino va auditoriyalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishlari zarur.

Ko‘zi ojiz abituriyentlarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.