O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 iyun kuni mahalliy byudjetga tushumlarni ko‘paytirish va narxlar barqarorligini ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Yig‘ilishda yanvar-may oylarida inflyatsiya darajasi 6,6 foizni tashkil etib, prognoz ko‘rsatkichidan oshmagan bo‘lsa-da, narx-navo Toshkent shahrida 7,4 foizga, Andijonda 7,3 foizga, Qoraqalpog‘istonda 7,1 foizga o‘sgani va bunga sabab bo‘lgan omillar, boshqaruv sohasidagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Go‘sht narxi bozorlarda qimmatlashib borayotganining sabablari atroflicha tahlil qilindi. Buning asosiy sabablaridan biri — omuxta yem, shrot va sheluxa yetarli emasligi va bu chorva ozuqalarining belgilangan narxlarga nisbatan ancha qimmat sotilayotgani bilan bog‘liq.

Bozorlarda savdo madaniyatiga rioya qilmaslik, bu boradagi talab va mezonlarni buzish holatlari ko‘zga tashlanayotgani ta’kidlandi. Bu esa narx-navo sun’iy ravishda oshib ketayotganining yana bir jiddiy sababidir. Bozorlarning rahbar va mutasaddilari bu holatning oldini olmasdan, aksincha, o‘zlari ta’magirlik holatlariga yo‘l qo‘ymoqda.

Majlisda yana bir muhim masalaga e’tibor qaratildi. Ma’lumki, ichki bozorda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha narx-navo oshib ketishining oldini olish maqsadida o‘tgan yili maxsus jamg‘arma tashkil qilingan edi. Ana shu jamg‘arma faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani tufayli shu kunga qadar 155 million dollarlik shakar, o‘simlik yog‘i, kartoshka va tovuq go‘shti chetdan import qilingan. Narx-navoni barqarorlashtirish bo‘yicha jamg‘armaning o‘rni va ta’siri mutlaqo sezilmayapti. Jamg‘arma ayrim tadbirkorlar manfaatiga xizmat qiladigan kredit tashkilotiga aylanib qolganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Ana shu tanqidiy fikrlardan kelib chiqqan holda, majlisda mazkur jamg‘arma faoliyatini jiddiy tekshirish bo‘yicha Bosh prokuraturaga tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda davlat rahbari odamlarning obod va farovon hayot kechirishi uchun o‘ta muhim bo‘lgan qurilish materiallari narxi yildan-yilga oshib borayotganini ham afsus bilan qayd etdi. Bu esa inflyatsiya darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, yil boshiga nisbatan qurilish materiallari narxi mamlakatimiz bo‘yicha 16 foiz, jumladan, Toshkent viloyatida 23 foiz, Surxondaryoda 20 foiz va Xorazmda 19 foiz oshganiga tegishli mutasaddi va rahbarlar e’tibori qaratildi.

«Bu yil suv kamligini hisobga olib, takroriy ekin maydonini 238 ming gektarga qisqartirganimiz mahsulot yetishtirish hajmi kamayishiga va buning natijasida narx-navoning oshishiga sabab bo‘lmasligi zarur. Shuning uchun qolgan 680 ming gektar yerga takroriy ekinlarni to‘liq ekish va hosildorlikni oshirish hisobidan ichki bozor uchun ham, eksport uchun ham yetarli miqdorda hosil olishni ta’minlashimiz kerak. Suvdan tartib bilan, oqilona foydalansak, barcha ekinlarga suv yetadi», — dedi prezident.

Majlisda rahbar va mutasaddilarga 2018−2021 yillarda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish, ushbu tarmoqda ratsional ozuqa bazasini shakllantirish dasturlarini ishlab chiqish, har bir hudud bo‘yicha asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni aniqlab, maxsus jamg‘arma hisobidan ularni import qilish uchun tegishli tashkiliy ishlarni amalga oshirish, bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish haqida amaliy ko‘rsatmalar bildirildi.