Chorshanba kuni ertalab Toshkentda Muqimiy va Qatortol ko‘chalari kesishmasidagi chorrahani («Sport buyumlari» do‘koni) qayta tiklash bo‘yicha ishlar boshlandi.«Gazeta.uz» yo‘l o‘tkazgich qurilishi munosabati bilan 2016 yilda Muqimiy ko‘chasi rekonstruksiyasi muvaffaqiyatsiz chiqqani haqida bir necha marta yozgan edi. O‘shanda harakatni svetoforlarsiz amalga oshirish maqsadida bir necha chorraha qayrilishlar bilan almashtirilgan edi. Oqibatda qayrilishlarda svetoforlar paydo bo‘ldi.

Toshkent hokimiyati vakilining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, qayta tiklangan chorrahada yangi piyodalar o‘tish yo‘lagi o‘rnatilib, taymerlar bilan ta’minlanadi. Kechasi yo‘l chiziqlari yangilanib, Qatortol ko‘chasidagi qismiga yangi asfalt yotqiziladi. Ko‘chalar o‘rtasidagi ajratuvchi to‘siqlarni olib tashlash hozircha rejalashtirilayotgani yo‘q.

Poytaxt hokimiyati ayni paytda avval yopilgan boshqa ko‘cha va chorrahalarni ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Yaqinda Matbuotchilar va nuroniylar ko‘chalari (Markaziy bankdan «Poytaxt» markazigacha) transport uchun ochilgan edi.