O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 iyun kuni mahalliy byudjetga tushumlarni ko‘paytirish va narxlar barqarorligini ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Prezidentning hududlarga tashriflari davomida joylardagi mavjud rezerv va imkoniyatlarni ishga solish hisobidan dastlab byudjetga qo‘shimcha ravishda 5,3 trillion so‘m yoki prognozga nisbatan 12 foiz ko‘p soliq tushirish bo‘yicha choralar belgilab berilgan edi. Buning natijasida joriy yilning o‘tgan 5 oyida prognozga nisbatan 2,7 trillion so‘m yoki 16 foiz ko‘p tushum tushirishga erishildi.

Biroq mahalliy hokimliklar, moliya-soliq organlari tomonidan byudjetga qo‘shimcha soliq tushirish borasidagi rezervlar hali ham to‘liq ishga solinmayapti. Yanvar-may oylarida soliqlarning 60 foizini ilgarigidek 171 ta yirik korxona ta’minlab bergan xolos.

Yig‘ilishda Toshkent shahri va Namangan viloyatida bu boradagi ishlar mutlaqo talabga javob bermasligi qattiq tanqid qilindi.

Misol uchun, bozordagi savdo-sotiqlar orqali tushadigan mablag‘larni tahlil qiladigan bo‘lsak, afsuski, bu boradagi ko‘rsatkich Toshkent shahrining Olmazor tumanida 30 foizga, Sergelida 7 foizga, Yakkasaroyda 4 foizga, Yunusobodda 3 foizga kamayib ketgan. Boshqa tumanlarda ham ahvol ana shunday achinarli ekani majlisda alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Avtoturargohlarda tushum bo‘yicha yetarli nazorat yo‘qligi kuzatilmoqda. Buning oqibatida mahalliy byudjetlarga 18 milliard so‘m tushmasdan qolgan.

O‘rganish va hisob-kitoblar haligacha ishga solinmayotgan bunday rezervlar barcha hududlarda mavjudligi, umuman, joriy yilda prognozga qo‘shimcha ravishda 8,1 trillion so‘m soliq tushirib, byudjetga jami soliq tushumini 50,2 trillion so‘mga yetkazish imkoni borligini ko‘rsatmoqda.

Majlisda mutasaddi vazirlik va idoralarga bu sohada yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va nuqsonlarni tezda bartaraf etish, ikki hafta muddatda qo‘shimcha ravishda 8,1 trillion so‘m soliq tushirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berilib, har bir hudud va tuman bo‘yicha kunlik grafik va aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi. Shuningdek, qisqa muddatda har bir viloyat, tuman va shaharda «Byudjetga qo‘shimcha daromadlarni jalb qilish shtabi"ni tashkil etish va uning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda soliq bo‘yicha qarzdorlikni majburiy undirish, davlat foydasiga o‘tkazilgan mol-mulklarni sotish hisobidan byudjetga 772 milliard so‘m tushirish va bu boradagi nazoratni kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.