May oyida Sergeli tumani hokimi lavozimiga tayinlangan Nozim Husanov hozirda faoliyat ko‘rsatib turgan avtomobil bozorining Toshkent chetiga ko‘chirilishini istamasligini ma’lum qildi. Bu haqda chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.

Avval poytaxtdagi barcha ulgurji bozorlarni shahar tashqarisiga ko‘chirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan edi. «Sergeli» avtomobil bozorini Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumaniga ko‘chirish rejalashtirilgan edi, biroq ushbu variant yana ko‘rib chiqiladi, dedi hokim.

«Bozor juda katta maydonni — 24 gektarni egallaydi. Buning uchun xuddi shunday maydonni topish, uni qurish, keyin tadbirkorlarimizni ko‘chirishimiz kerak», — dedi u.

Nozim Husanov avtomobil bozorini Sergeli tumani hududida qoldirish istagida ekanini bildirdi, biroq uni boshqa joyga ko‘chirish lozim. «U transport oqimiga xalal bermasligi uchun. Kichik halqa yo‘li yoqasi bo‘ylab Toshkent viloyati bilan chegaradosh shunday hudud bor», — dedi u.

Hokim so‘zlariga ko‘ra, avtomobil bozori tuman byudjetiga yiliga 11 mlrd so‘m keltiradi. «Biz bunday tushumdan voz kechishni istamas edik. Hozir ushbu bozorni tumanimizda qoldirish takliflarini o‘rganayapmiz, lekin u aholiga ham xalal bermasligi kerak», — dedi u.

Sergeli tumani hududi 5600 gektarni tashkil etib, undagi 39 ta mahallada 207,1 ming aholi istiqomat qiladi.