Markaziy Osiyo mamlakatlari suv va ekologik masalalarni hal etishda hamkorlik qilish orqali yiliga 4 mlrd dollarga qo‘shimcha mablag‘ga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologiya markazi ijrochi direktori Iskandar Abdullayev Markaziy Osiyo xalqaro ekologik forumi ochilishida ma’lum qildi.

Tadbir 5−8 iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Forumda Markaziy Osiyoning besh davlati vazirlik va mahkamalari, BMT, xalqaro va mahalliy jamoat tashkilotlari va kompaniyalar vakillari ishtirok etadi.

«Ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, agarda mintaqa mamlakatlari suv va ekologiya bo‘yicha hamkorlikni boshlasa, ehtimoliy foyda miqdori har yili 4 mlrd dollardan ortiqroqni tashkil etadi», — dedi Iskandar Abdullayev. Mintaqaviy hamkorlik orqali qishloq xo‘jaligi hosildorligining pastligi, energoresurslar qiymatining yuqoriligi va xalqaro moliyadan foydalanishning chegaralanganligi kabi muammolarni bartaraf etish mumkin.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Nodir Otajonov global isish sharoitida mintaqada suv resurslari muammosi faqatgina chuqurlashib borishini ta’kidladi. «Kuchlar, bilimlar, resurslarni birlashtirmasdan ushbu chaqiriqlarga munosib javob bera olmaymiz», — dedi hukumat vakili.

U Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi yerlarining 90 foizdan ziyodrog‘i sun’iy sug‘orishni talab qilishi, mintaqaning 80 foizdan ziyod aholisi — 55 milliondan ziyod aholisi agrar sektorda band ekanini eslatib o‘tdi.

«O‘zbekiston mintaqaning barcha mamlakatlari manfaatlarini hisobga olgan holda Amudaryo va Sirdaryo daryolari suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyani ishlab chiqish va BMT bilan kelishishni jadallashtirishni taklif qiladi», — dedi Nodir Otajonov.