O‘zbekiston prezidenti qarori bilan Tursunov Normat To‘lkunovich Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Normat Tursunov davlat soliq xizmati tizimida faoliyatini 1994 yilda Toshkent shahar Akmal Ikromov (hozirgi Uchtepa) tumani davlat soliq inspeksiyasi inspektori vazifasidan boshlab, keyinchalik turli rahbar lavozimlarida, xususan 2010−2017 yillarda Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari, Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

U 2017 yil oktyabr oyidan buyon Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.