O‘zbekiston hukumati 3000 tonnadan ziyod bug‘doyni afg‘on xalqiga gumanitar yordam sifatida jo‘natdi, deya xabar qildi «Dunyo» axborot agentligi.

Gumanitar yordam 5 iyun kuni Xayratonda afg‘on rasmiylariga topshirildi. Qo‘shni mamlakatga O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya uchib bordi.

Millionlab afg‘onlar olti oydan so‘ng qurg‘oqchilik sababli ochlik bilan to‘qnash kelishi mumkin, deyiladi BMTning Gumanitar masalalar bo‘yicha muvofiqlashtirish boshqarmasining may oyi oxirida e’lon qilingan byulletenda. Och qolayotgan oilalarga eng kamida 115 mln dollarlik mablag‘ ajratish zarur.

Afg‘onistonning 34 provinsiyasidan uchdan ikki qismi o‘tgan yil oxiridan buyon qor yoki yomg‘ir yog‘magani sababli qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim daryo va suv ta’minoti ob’ektlari to‘liq qurib qolgan, so‘nggi bug‘doy hosili boy berildi.