Xiva tumanidagi «Ichan qal’a» yodgorlik majmuasida joylashgan «Amir to‘ra» madrasasi va «Hasan Murod Qushbegi» masjidida Xitoy hukumatining 47,6 mln yuanlik (26,4 mlrd. so‘m) mablag‘lari hisobiga restavratsiya-tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.

Madaniyat vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, 3 iyun kuni O‘zbekiston madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev va Xitoy Xalq Respublikasi Madaniy meros Akademiyasi bosh muhandisi Shi Yan uchrashuvida ushbu tarixiy madaniy meros ob’ektlarini qayta ta’mirlash uchun ajratilgan grant hisoboti haqida so‘z bordi.

Xitoy tomoni Madaniyat vaziriga 2017 yilda Xivadagi «Amir to‘ra» madrasasi va «Hasan Murod Qushbegi» masjidida restavratsiya ishlarining birinchi bosqichi va 2018 yil aprel-may oylarida boshlangan reja asosida ikkinchi bosqichda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Vazirlik xabarida qayd etilishicha, mazkur grant 2016 yili Madaniyat vazirligi va XXR Savdo vazirligi o‘rtasida imzolangan «Xorazm viloyati tarixiy-madaniy ob’ektlarini restavratsiya qilish» bo‘yicha grant ajratish to‘g‘risidagi bitim doirasida ajratilgan.