5−8 iyun kunlari Toshkentda «Atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash» Markaziy Osiyo xalqaro ekologik forumi bo‘lib o‘tadi. Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga (5 iyun) bag‘ishlangan tadbir O‘zbekiston hukumati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi tomonidan tashkillashtirilmoqda.

Forumning asosiy mavzu yo‘nalishlari: muhofaza qilinuvchi tabiiy hududlar xilma-xilligini saqlash, qattiq maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energosamaradorlik.

Tadbir doirasida ilk bor Green Ecology Technologies Central Asia (GETCA 2018) ekologik toza texnologiyalar ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi va biznes-forum o‘tkaziladi.

Ko‘rgazmada Armaniston, Vengriya, Germaniya, Italiya, Koreya Respublikasi, Latviya, Rossiya, Fransiya, Chexiya, Xitoy va Shveysariyadan yashil texnologiyalar sohasidagi 40 dan ziyod ishlab chiqaruvchilar ishtirok etadi.

Biznes-forum atrof-muhit holatini yaxshilash va mintaqani barqaror rivojlantirish, Markaziy Osiyo davlatlaridagi dolzarb vazifalarni hal etishga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish va ularda texnik ko‘maklashishga erishish, mamlakatlar iqtisodiyoti sektorlarini rivojlantirishga investitsiyalar va toza texnologiyalarni jalb qilish kabi masalalar bo‘yicha fikr almashish uchun platforma vazifasini bajaradi.