«Iftixor» futbol klubi direktori Axror Ergashev va katta murabbiyi Nodir Qo‘ziboyev bir umrga har qanday futbol faoliyatidan chetlatildi, deyax xabar qildi O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

Matbuot xizmatidan «Gazeta.uz"ga ma’lum qilinishicha, klub Superligaga chiqish uchun nomzod, biroq may oyida jamoa bir marta mag‘lubiyatga uchrab, durang o‘ynadi. Klub rahbariyati himoyachilar Tursunboy Husanov va Hasanboy Ergashevni ataylab yutqazganlikda ayblab, o‘zboshimchalik bilan hukm chiqargan holda ularni kaltaklagan.

Mazkur holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tergov tadbirlarini olib bormoqda. Futbolchilar jarohatini qayd etgan shifokorlar huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan.

«O‘yinchilardan birining tanasida gematomalar, oyog‘ida yorilish alomatlari aniqlandi. Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, uni ketmon dastasi bilan urishgan. Hozirda har ikki oyog‘i gipsda», — deya ma’lum qildi matbuot xizmati.

«Iftixor» ayni paytda 8 ball bilan Pro-liga «B» guruhida sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi va Superligaga chiqish uchun imkoniyatlari bor. Klub qisman Yoshlar ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi. Tashkilot agarda rahbariyat futbolchilarning kaltaklanishida aybdor deb topilsa, homiylikdan voz kechadi, deya xabar qildi assotsiatsiya vakili.