O‘zbekiston hukumatining 29 maydagi qarori bilan mamlakatga tashrif buyurgan chet el fuqarolarining vaqtinchalik propiska qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish bekor qilindi.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek MDHga a’zo davlatlar fuqarolarining, mustaqil sayohat qilayotgan chet elliklardan tashqari, vaqtinchalik propiska uchun javobgarligi taklif qiluvchi yoki qabul qiluvchi shaxslarga (turoperatorlar, mehmonxonalar va davolash muassasalari ma’muriyatlari hamda turar joy egalari) zimmasiga yuklatiladi.

Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, avvallari vaqtinchalik propiska uchun javobgarlik chet el fuqarolarining zimmasiga yuklatilar edi. Qonunchilik buzilgan taqdirda, ular eng kam ish haqining 50 dan 100 barobarigacha miqdorda (8,6 dan 17,2 mln so‘mgacha yoki 1073−2146 AQSH dollari) jarimaga tortilar edi.

Yangi tartibga ko‘ra, taklif qiluvchi yoki qabul qiluvchi shaxs chet el fuqarosini yaqinda ishga tushishi lozim bo‘lgan maxsus dastur orqali onlayn xabardor qilish yokiichki ishlar bo‘limiga murojaat qilish yo‘li bilan vaqtinchalik propiska bilan ta’minlaydi.

Vaqtinchalik propiskayashash joyiga kelgandan uch kun muddatda, bayram va dam olish kunlari (yakshanba) hisobga olinmaganda, qo‘yilishi lozim. Uch kunlik muddat yetib kelgan kundan keyingi sanada 01:00 dan hisoblanadi.

O‘zbekistonning muayyan bir aholi punktida uch kun muddatdan ortiq bo‘lmaydigan chet el fuqarolari vaqtinchalik propiskadan ozod qilinadi. Bunda biror aholi punktida bo‘lganini tasdiqlovchi hujjatlar, masalan xizmatlardan foydalangani yoki tovar sotib olgani haqidagi hujjatlar bo‘lishi zarur. Bir aholi punktida uzluksiz ro‘yxatga olish talabi yo‘q.

Chodirlar lageri yoki yer usti transportida yashovchi mustaqil sayohat qiluvchi chet el fuqarosi maxsus dastur orqali onlayn xabarnoma yuborib, unda sayohat yo‘nalishi bo‘yicha aholi punktini ko‘rsatgan holda vaqtinchalik propiska olishi mumkin.

Bundan tashqari, ular turistik-axborot markazlari yoki yaqin atrofdagi joylashuv vositalariga murojaat qilishlari ham mumkin. Bu holda turistik-axborot markazlari va joylashuv vositalari ma’muriyatlari ichki ishlar organlariga chet el fuqarolari murojaatlari asosida ular haqdagi ma’lumotlar to‘ldirilgan xabarnomani yuborishlari lozim.

Avvallari O‘zbekiston qonunchiligi individual sayyohlarga chodir lagerlari yoki yashash uchun moslashtirilgan yer usti transportida yashashga ruxsat bermagan.

Qaror bilan chet elliklarni bir oygacha muddatga vaqtinchalik propiskaga qo‘yganlik uchun davlat boji bekor qilindi. Avvallari u chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 20 dollar, MDH davlatlari fuqarolariga 5 dollar miqdorida belgilangan edi. Shu bilan birga, joylashuv vositasidan olinadigan har bir yashagan kun uchun EKIHning 10 foizi miqdoridagi yig‘im o‘rniga differensiallangan turistik (mehmonxona) yig‘imi joriy etildi.

Endilikda turistik yig‘im faqatgina 16 yoshga to‘lganlardan quyidagi hajmlarda olinadi: mehmonxona va joylashuv vositalari uchun — EKIHning 5 dan 15 foizigacha (har bir yulduz uchun EKIHning 2 foizi miqdorida qo‘shiladi), sanatoriya va kurortlar uchun — 10 foiz, dam olish hordiq chiqarish uchun ixtisoslashtirilgan joylashuv maskanlari uchun — 10 foiz, individual joylashuv vositalari (dachalar, xususiy uylar, kvartiralar, yurtalar, xostellar va boshqalar) uchun — 5 foiz.

Chodirli lagerlar va tunashga moslashtirilgan yer usti transportiga joylashganlik uchun turistik axborot byurosi yoki joylashuv vositasi EKIHning 5 foizi miqdorida.

Davolash muassasalari, mehmonxona uylar (qishloq joylarda mahalliy aholi tashkil etgan) yoki xususiy uy va kvartiralarda notijoriy maqsadlarda joylashtirganlik uchun har bir kun uchun EKIHning 2 foiz miqdorida.

Mustaqil sayohat qilayotgan chet el fuqarosi (chodirlar lagerlari yoki moslashtirilgan transportda yashovchi) ro‘yxatdan o‘tmasa yoki turistik yig‘imni to‘lamasa, amalga oshirilmagan turistik to‘lovning 10 barobari miqdorida jarimaga tortiladi.