Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni 1941−1945 yillardagi urushda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlangan kitob-albomni nashr etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi.

«Afsuski, O‘zbekiston xalqining bu qonli urush davrida frontda va front ortida kechgan og‘ir va mashaqqatli hayoti, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini o‘zida har tomonlama aks ettiradigan yaxlit ilmiy-tarixiy kitob yoki hujjatlar to‘plami shu paytga qadar yaratilmagan», — deyiladi farmoyishda.

«Urush yillarida xalqimiz tomonidan amalga oshirilgan buyuk ishlarni, uning kuchli iroda va qahramonligini, o‘sha davr haqiqatini kelgusi avlodlarga aniq misollar asosida yetkazish, ularni vatanparvarlik va jasorat ruhida tarbiyalash borasida bunday manbalar g‘oyat muhim ahamiyatga ega», — deyiladi hujjatda.

1941−1945 yillardagi urushda ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonat ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shdi. Urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ortig‘i halok bo‘ldi, 133 mingga yaqini bedarak yo‘qoldi, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytdi.

O‘sha g‘oyat og‘ir va suronli davrda O‘zbekiston frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi, bu yerdagi sanoat korxonalari harbiy sohaga moslashtirilib, ularning faoliyati front ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan yuzdan ziyod zavod va fabrikalarni tiklashda fuqarolarimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.

Urush olovi ichida qolgan hududlardan mamlakatga 1 million nafardan ortiq kishi ko‘chirib keltirildi. Ularning 200 ming nafari bolalar edi. Xalqimiz ularga boshpana berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rib, ota-onasidan ajralgan bolalarni o‘z farzandlari qatori tarbiyasiga olib, butun dunyoga haqiqiy insonparvarlik fazilatlarini namoyish etdi.

Urushda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan albom ushbu tarixiy hodisaning 2020 yilda nishonlanadigan 75 yilligi arfasida chop etiladi.

Farmoyish bilan kitob-alyuomni tayyorlash va chop etish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi. U respublika va xorijiy mamlakatlardagi arxiv va muzeylarda saqlanayotgan mavzuga oid tarixiy hujjatlarni to‘plash va o‘rganish, urush davrida frontda qatnashgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlardan ularning xotiralarini yozib olish, shaxsiy albom va kutubxonalarida saqlanayotgan tarixiy materiallarni to‘plash bilan shug‘ullanadi.