O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 maydagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasi ijroiya tuzilmasiga kiritilgan o‘zgartishlarni tasdiqladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi. Hujjatga ko‘ra turizm bosh vazirning bir o‘rinbosaridan boshqa o‘rinbosari mas’uliyati sohasiga kiritildi.

Yaqinda bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining sobiq raisi Aziz Abduhakimov Ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari bo‘yicha kompleksga rahbarlik qiladi.

Avval turizm sohasini bosh vazir o‘rinbosari, bir vaqtning o‘zida Davlat investitsiyalar qo‘mitasi rahbari hisoblangan Suxrob Xolmurodov nazorat qilgan. U rahbarlik qilayotgan Investitsiyalar, innovatsion rivojlanish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari kompleksidan «turizm» so‘zi chiqarildi.

Davlat rahbari qarorida qayd etilishicha, mazkur qaror turizmni mamlakat iqtisodiyotining strategik sohasi sifatida rivojlantirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish maqsadida qabul qilindi.