Iyuldan boshlab GM Uzbekistan ishlab chiqarish quvvatlarida Matiz rusumli avtomobillarni ishlab chiqarish to‘xtatiladi. Mazkur qaror modellar safini yangilash bo‘yicha strategiyaga muvofiq, shuningdek modelning ma’nan va texnik jihatdan eskirgani munosabati bilan qabul qilindi.

Kompaniya matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, shu munosabat bilan mazkur rusumdagi avtomobillarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni ro‘yxatga olish to‘xtatilgan.

GM Uzbekistan iste’molchilar oldidagi o‘z majburiyatlarini to‘liq ta’minlaydi va shartnoma tuzgan mijozlarga Matiz avtomobillari shartnomada ko‘rsatilgan hajm va muddatlarda yetkazib berilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Matiz to‘rtinchi model bo‘lib, Asaka avtomobil zavodida 2001 yil avgustdan buyon ishlab chiqarilmoqda. 2004 yil dekabrida 1,0 litr hajmli dvigatelga ega Matiz Best hamda avtomat tezlik uzatmali Matiz modifikatsiyasini ishlab chiqarish boshlangan.

Matiz kichik hajmli avtomobillar sinfiga mansub bo‘lib, ushbu turdagi avtomobillarga bo‘lgan talab Spark avtomobillarini ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga qoplanadi.