Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev va Yaponiyaning Toshkentdagi elchisi Nobuaki Ito 30 may kuni «O‘zbekiston yo‘l infratuzilmasi texnik salohiyatini oshirishda ko‘maklashish» loyihasi bo‘yicha hujjatga imzo chekdi.

Yaponiya hukumatining 800 mln yapon iyenasi (7,3 mln AQSH dollari) miqdoridagi beg‘araz yordam loyihasi Sirdaryo, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq tumanlari yo‘llarini ta’mirlash uchun Yaponiyaning ilg‘or korxonalari yo‘l texnikalarini yetkazib berishni ko‘zda tutadi.

Loyiha O‘zbekistonning infratuzilmaviy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishi lozim, deyiladi Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi xabarida.