Joriy yilda yog‘ingarchilik nisbatan kam bo‘lgani natijasida suv tanqisligi vujudga kelgani munosabati bilan joriy yilda sholi maydonlari 162 ming gektardan 94 ming gektargacha qisqartiriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

U suv ta’minotida muammo bo‘lmagan Sirdaryo viloyatida 7,5 ming gektar yerni Xorazm viloyati fermerlariga, Jizzax viloyatida 5,5 ming gektar yerni Qoraqalpog‘iston fermerlariga takroriy ekin sifatida sholi ekish uchun berishni topshirdi.

Suv tanqisligi kutilayotgan Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda takroriy ekinlar maydoni mos ravishda 30, 42, 20, 14 va 10 ing gektarga qisqartiriladi.

Ushbu hududlarda suvni kam talab etadigan mosh, loviya va boshqa ozuqabop ekinlar ekish, ularni suv manbalariga yaqin yer maydonlariga joylashtirish kerakligiga e’tibor qaratildi.

Bu yil bahor oylarining salqin va quruq kelishi paxta yetishtirishda jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani, natijada o‘tgan yilning shu davriga nisbatan g‘o‘za rivojlanishi ancha orqada qolayotgani, bu esa uning parvarishiga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etishi haqida ham atroflicha fikr yuritildi.

Shuningdek, bu yil paxta yetishtirishni moliyalashtirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratish, agrotexnik tadbirlarni vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun texnik vositalar tayyorligini hamda ularni muntazam ravishda dizel yoqilg‘isi bilan ta’minlash ishlarini tashkil etish yuzasidan tegishli vazirlik, idora va hududlar rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda mamlakatda 1 iyundan 1 iyulgacha «G‘o‘zada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi» e’lon qilinishi bo‘yicha kelishib olindi. Katta mehnat va xarajat bilan yetishtirilgan hosilni to‘la saqlab qolish maqsadida fermer xo‘jaliklari rahbarlari va ishchilari qishloq xo‘jaligi xodimlari va mutasaddilarining suvchi va mexanizatorlar, agrar soha olim-agronomlari bilan birgalikda barcha bo‘g‘indagi deputatlarning ham safarbarligi va mas’uliyatini oshirishga alohida ahamiyat qaratildi.

Kun tartibidagi yana bir muhim masala — joriy yilda yetishtiriladigan g‘alla hosilini nes-nobud qilmasdan, qisqa muddatda yig‘ishtirib olish borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar ham muhokama qilindi.

Mamlakat bo‘yicha bu yilgi g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida qatnashadigan mavjud 3 ming 106 ta yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlarini sifatli ta’mirlash va mavsumga vaqtida tayyorlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Bundan tashqari, 400 ta yangi g‘alla o‘rish kombayni ham joylarga yetkazilmoqda. Bu esa o‘rim-yig‘im ishlarini har yilgiga nisbatan bir hafta oldin yakunlash imkonini beradi.