29 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida eksport-import, mahalliy byudjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minlash, qishloq xo‘jaligida g‘o‘za parvarishi, g‘alla o‘rimi, takroriy ekinlar va suvdan oqilona foydalanish kabi muhim tadbirlarni samarali o‘tkazish bilan bog‘liq bugungi kunda g‘oyat dolzarb bo‘lib turgan masalalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilishda joriy yilning 25 mayiga qadar 4 milliard 576 million dollar hajmida eksport amalga oshirilgani ma’lum qilindi. Shu oyning oxirigacha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi kutilmoqda. 2017 yilning 5 oyiga solishtirilsa, eksport hajmi qariyb 21 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Shuningdek, birinchi yarim yillikda 5 milliard 886 million dollarlik eksport amalga oshirilib, prognoz ko‘rsatkichlari 100,9 foizga bajarilishi va 2017 yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 25 foiz o‘sishga erishish mo‘ljallanmoqda.

Selektor yig‘ilishida mamlakatda importni optimallashtirish ishlari mutlaqo qoniqarsiz ahvolda ekani qayd etildi. Joriy yilning 4 oyi mobaynida mamlakat bo‘yicha tovarlar importi 4 milliard 858 million dollarni tashkil etib, 2017 yilning shu davriga nisbatan 1 milliard 111 million dollarga yoki 30 foizga oshgan.

Prezident uch kun muddat ichida importni qisqartirish bo‘yicha hujjat tayyorlashga topshiriq berdi. «Bugungi kungacha hech kim bu bilan shug‘ullanmadi, kim nima xohlasa shuni qildi. Biz O‘zbekistonda importni qisqartirishimiz kerak», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev viloyatlar hokimlariga bojxona xizmatlari bilan faoliyatlarini muvofiqlashtirishni topshirdi. «Mixdan tortib qalamgacha nima import qilinayotganini bilish uchun. Ularni o‘zimizda ishlab chiqarish uchun», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, majlisda hududlarda byudjetga qo‘shimcha daromadlarni jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlarning holati ham tanqidiy tahlil asosida ko‘rib chiqildi. Bu borada joriy yilning shu davri uchun belgilangan rejalar ayrim hududlarda bajarilmasdan qolayotgani tanqid qilindi. Natijada shu hududlarda soliq qarzdorligi oshib bormoqda.

Joylardagi mahalliy hokimliklar, sektorlar rahbarlari hanuzgacha byudjetga qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash va jalb qilishdan ko‘zlangan maqsadni chuqur tushunib yetmayotgani tanqid ostiga olindi. Bu borada moliya tashkilotlari tomonidan qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilmayotgani, faoliyat ko‘rsatmayotgan yuridik shaxslar faoliyatini qayta tiklash o‘rniga faqatgina tashkilotni tekshirib, uning faoliyatini tugatish bilan cheklanayotgani asosiy sabablar sifatida qayd etildi. Har bir tarmoq va hududda ijro intizomini mustahkamlash, rahbarlarning mas’uliyati va faoliyat samaradorligini oshirish eng muhim vazifa bo‘lib qolayotgani alohida ta’kidlandi.