Toshkent IIBB yo‘l-patrul xizmati inspektorlari uchun taqib yuriluvchi videokameralarni sinovdan o‘tkazishni boshladi.

IIBB matbuot xizmatining xabar qilishicha, ushbu videokamera xodimning kunlik ish faoliyati, haydovchilar bilan o‘zaro muloqotini uzluksiz yozib boradi. Kameralar yagona boshqaruv tizimiga ulangan bo‘lib, markaziy apparat tomonidan boshqariladi.

«YPX xodimining kamera yozuvini to‘xtatib qo‘ya olmasligi, qayd etilgan tasvirni o‘chira olmasligi tizimda korrupsiyaning oldini olishga, vaziyatlarni haqqoniy o‘rganish va adolatli chora-tadbirlar ko‘rishga yordam beradi», — deyiladi xabarda.

Bir oydan kamroq muddat davom etadigan sinov ishlari natijalari bo‘yicha taqib yuriluvchi kameralardan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati faoliyatida foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlarining barcha xodimlarini bodikameralar bilan ta’minlash zarurligi haqida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalariga murojaatida to‘xtalib o‘tgan edi.