Sherzod Tojiddinovich Qudratxo‘jayev yangi tashkil etilgan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori lavozimiga tayinlandi. Bosh vazir Abdulla Aripov shu haqdagi qarorni imzoladi.

Sherzod Qudratxo‘jayev (1974 y. t.) — siyosat fanlari nomzodi, dotsent. 2008 yildan O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti internet jurnalistika nazariyasi va amaliyoti kafedrasiga rahbarlik qilib, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida dars o‘tgan. U 2017 yil apreldan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Xalqaro press-klub rahbarligini saqlab qoladi.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 24 maydagi qarori bilan tashkil etilgan.

Yangi universitet ochilishi munosabati bilan O‘zMU jurnalistika fakulteti va O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetiga talabalarni qabul qilish tugatiladi. Ushbu fakultetlarda tahsil olayotgan talabalar o‘z OTMlarida o‘qishni tamomlaydi.