Aziz Muxtorovich Eshbekov Bosh prokuratura tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi mahkama matbuot xizmati.

Aziz Eshbekov (1982 y. t.) Toshkent Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan (2003). Mehnat faoliyatini O‘zbekiston Prezidenti devoni Qonunchilik va sud hokimiyati organlari bilan aloqalar bo‘yicha ekspertlar guruhida boshlab, Jizzax va Toshkent viloyati prokuraturasi organlarida tergovchi, prokuror yordamchisi va bo‘lim katta prokurori, Bosh prokuratura ichki xavfsizlikni ta’minlash inspeksiyasi prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha xizmati inspektori, Bosh prokuratura sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalarda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori lavozimlarida ishlagan.

Tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi prezidentning 15 fevraldagi farmoni bilan tashkil etilgan. Uning zimmasiga tadbirkorlik sub’ektlari va xorijiy investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular oldida turgan va biznes faoliyatini rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan byurokratik to‘siqlarni olib tashlash vazifasi yuklatilgan.

1 may holatiga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan 6950 tadbirkor faoliyatidagi muammolar o‘rganilib, ularning 1340 nafariga kreditlar taqdim etish, 531 nafariga yer uchastkalari ajratish, 77 nafariga binolar ajratish, 743 nafariga muhandislik tarmoqlariga ulanish, 318 nafariga ruxsatnoma va litsenziyalar olishga va 3941 tadbirkorlik sub’ektiga boshqa masalalar bo‘yicha zarur huquqiy yordam ko‘rsatildi.